Mahalliy dori vositalari ishlab chiqaruvchilari bilan onlayn muloqot
Joriy yilning 26-iyun kuni Zoom platformasi orqali dori vositalarini ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar vakillari ishtirokida navbatdagi onlayn muloqot tashkil etildi.
Mazkur uchrashuvda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi hamda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Muloqot davomida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning qator masalalardagi murojaatlari ko‘rib chiqildi. Jumladan, "NOBEL PHARMSANOAT" MCHJ XK tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ro‘yxatdan o‘tganlik guvohnomalarining amal qilish muddatini uzaytirish bo‘yicha taqdim etilgan 30 nomdagi dori vositasi, "NIKA PHARM" MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan 10 nomdagi dori vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va guvohnoma berish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv ishtirokchilari tomonidan bu jarayonlardagi qonunchilik asosidagi talablar, amaliy jihatlar va texnik hujjatlarga oid masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari tomonidan berilgan savollarga mas’ul mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar taqdim etildi. Ekspertiza jarayonida aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish va tegishli hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish bo‘yicha amaliy tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi muloqotlar mahalliy dori vositalari ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlash, tartibga soluvchi organlar bilan ochiq va tizimli aloqani ta’minlash hamda milliy farmatsevtika mahsulotlari aylanmasini yanada shaffof va samarali tashkil etish maqsadida doimiy ravishda o‘tkazib kelinmoqda.