Yevropa farmakopeyasi komissiyasining 182-sessiyasida O‘zbekiston vakillari ishtirok etmoqda

18.06.2025 1691

Yevropa farmakopeyasi komissiyasining 182-sessiyasida O‘zbekiston vakillari ishtirok etmoqda

 

Joriy yilning 17-iyun kuni Fransiyaning Strasburg shahrida Yevropa farmakopeyasi komissiyasining (EPC) 182-sessiyasi o‘z ishini boshladi. Ushbu sessiyada 50 ga yaqin davlatdan 200 dan ortiq mutaxassislar ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasini isloh qilish, milliy farmakopeya tizimini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish borasidagi islohotlariga muvofiq, ushbu sessiyada mamlakatimiz delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda. Jumladan, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Farmakopeya qo‘mitasi raisi Kamola Nuridullayeva, qo‘mita yetakchi mutaxassisi Yulduz Karimova hamda Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish bo‘limi bosh mutaxassisi Akmalxo‘ja Zaynidinovlar sessiya muhokamalarida faol qatnashishmoqda.

Anjumanda farmakopeya faoliyatini raqamlashtirish, biofarmatsevtik monografiyalar, geriatriya formulyariysini yaratish, farmakopeyalar o‘rtasidagi xalqaro uyg‘unlashuvni kuchaytirish kabi dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda. Qabul qilinayotgan qarorlar farmatsevtik nazoratning shaffofligi va samaradorligini oshirish, aholini sifatli dori vositalari bilan ta’minlashga qaratilgan.

Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston EPC tomonidan 2018-yilda kuzatuvchi davlat sifatida tan olingan. 2019-yilda Sog‘liqni saqlash va dori vositalari sifati bo‘yicha Yevropa direktorati (EDQM) va Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi o‘rtasida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat farmakopeyasini yaratish uchun Yevropa farmakopeyasi matnlarini nusxalash va uyg‘unlashtirish huquqini berish to‘g‘risida” kelishuv imzolangan bo‘lib, uning doirasida dori vositalari, tibbiy buyumlarning sifatiga qo‘yiladigan umumiy talablarni belgilash yuzasidan Davlat farmakopeyasining 1-nashri 1-jildidagi 334 ta umumiy farmakopeya maqolalari, 2-jildidagi 28 ta umumiy va 763 ta xususiy farmakopeya maqolalari, 3-jildidagi 17 ta umumiy va 541 ta xususiy farmakopeya maqolalari hamda 1-jild ilovasidagi 20 ta umumiy farmakopeya maqolalari Yevropa farmakopeyasi bilan uyg‘unlashtirilgan holda ishlab chiqildi. 

Vakillarimizning Yevropa Farmakopeya Komissiyasi (EPC)ning 182-sessiyasi va Yevropa Farmakopeyasining yangi 12-nashr platformasi taqdimotida ishtirok etishi:

✅ Yevropa Farmakopeyasining yangi 12-nashr platformasiga (50 gacha foydalanuvchi uchun) onlayn kirish ruxsatini olish va Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish jarayonida foydalanish;

✅ Markaz mutaxassislarini EPCning Yevropa Farmakopeyasiga a’zo bo‘lmagan davlatlar ekspertlari ro‘yxatiga kiritish;

✅ Yevropa farmakopeyasi va boshqa yetakchi farmakopeyalar vakillari bilan ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish;

✅ EPCning matnlarni ishlab chiqish bo‘yicha jalb qilingan ekspertlar va ishchi guruh a’zolari ish faoliyati bilan yaqindan tanishish va tajriba almashinish;

✅ Farmakopeya maqolalari va usullarida ekologik barqaror va xavfli kimyoviy moddalardan foydalanishni qisqartirish, shuningdek jamoat sog‘lig‘ini saqlash sohasidagi favqulodda vaziyatlar vaqtida EPCning kelajakdagi yondashuvi masalalari va strategiyalari bo‘yicha muhokamalar natijalari bo‘yicha ma’lumot tayyorlash va markazning tegishli tarkibiy tuzilmalariga taqdim etish;

✅ EPCning sessiya materiallariga kirish ruxsatini olish va Davlat farmakopeyasini ishlab chiqishda va kadrlarning malakasini oshirishda foydalanish imkonini beradi.

EPC singari tuzilmalar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, milliy farmakopeya tizimining nufuzini oshirish va dunyo tajribasini yurtimizda joriy etish borasida muhim strategik qadam hisoblanadi.