Markaz va Roszdravnadzor laboratoriyalari o’rtasida hamkorlik yo’lga qo’yilmoqda

21.11.2023 606

Xabar berganimizdek, joriy yilning 12-17 noyabr kunlari Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi mutaxassislari xizmat safari bilan Rossiya Federatsiyada bo'ldi. 

Vakillarimiz mazkur tashrif doirasida Rossiya farmatsevtika sohasida yuqori nufuzga ega bo’lgan bir qator kompaniyalar va regulator organlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ana shunday tanishuvlarda navbatdagisi Rossiya Sog'liqni saqlashni nazorat qilish federal xizmati huzuridagi Tibbiy texnika va tibbiy buyumlar sifat nazorati laboratoriyasi hamda Dori vositalari sifati nazorati va mikrobiologik tadqiqotlar laboratoriyasiga amalga oshirildi.

 

Unda mutaxassislarimiz dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish va laboratoriya sinovlarini o'tkazish jarayonlari va uslublari bilan yaqindan tanishdi.  Muloqot davomida laboratoriyalararo taqqoslash tadqiqotlarini Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi bilan birgalikda o'tkazish hamda barcha yo'nalishlarda laboratorik ilmiy tadqiqotlar olib borish bo’yicha muhim kelishuvga erishildi.

 

Bundan tashqari, Roszdravnadzorning Tibbiyotda qo'llaniladigan vositalarni aylanishini ekspertiza, hisobi va tahlili bo'yicha axborot-metodik markazi (ФГБУ “ИМЦЭУАОСМП”) va Butunrossiya tibbiy buyumlar ilmiy tadqiqot va sinov instituti (ФГБУ "ВНИИИМТ") bilan o’zaro hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Ta’kidlash joiz mazkur kelishuv doirasida Markaz mutaxassislari Roszdravnadzor laboratoriyalarida malaka oshirish, o'qish va tajriba almashish imkoniga ega bo’lishadi.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati