Sifatini tasdiqlovchi hujjatsiz dori vositalarini sotgan dorixona faoliyatiga chek qo‘yildi

28.10.2023 742

Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash boshqarmasi mutaxassislari tomonidan fuqaro murojaati asosida “Tolib Farm” MCHJga tegishli Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumani, O‘zbekiston shoh ko‘chasi, 99-uyda joylashgan dorixonada o‘tkazilgan tekshiruv natijasiga ko‘ra, mazkur dorixona savdo zali va omborxonasidan noqonuniy muomalada bo‘lgan 24 turdagi (muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilmagan 10 turdagi hamda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan 14 turdagi) dori vositalari borligi aniqlangan.

Yuqoridagi holatlar bo‘yicha Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining “Tolib Farm” MCHJ tegishli dorixonaga 2020 yil 23 oktabrdagi berilgan №500-sonli litsenziyani bekor qilish haqida Sirdaryo tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritgan daʼvo arizasi sudning 2023 yil 12 oktabrdagi tegishli hal qiluv qarori bilan qanoatlantirildi va "Tolib Farm” MCHJ”ga tegishli dorixonaga dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun berilgan litsenziya bekor qilindi.

Eslatib oʻtamiz, "Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida yagona nizom"ga muvofiq, dori vositalari va tibbiy buyumlarni muvofiqlik sertifikatlarisiz saqlash va (yoki) realizatsiya qilish - faoliyat uchun berilgan litsenziyaning amal qilishi belgilangan tartibda toʻxtatilishiga olib keladigan, litsenziya talablari va shartlarini qoʻpol ravishda buzilishi hisoblanadi.

Shuningdek, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunning 20-moddasida muvofiq sifatsiz, qalbakilashtirilgan, Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilmagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan dori vositalarining gʻayriqonuniy nusxalarini xarid qilish, chakana realizatsiya qilish va ulardan foydalanish taqiqlanadi.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati